Alisher Usmonov Germaniya sudida Yevropa Ittifoqiga qarshi muhim huquqiy g‘alabaga erishdi

Alisher Usmanov
“Die Welt” nashrining yozishicha, Alisher Usmonov Yevropa Ittifoqiga qarshi sud ishida muhim qarorga erishdi. Germaniya Federal oliy sudi 2026-yil 21-oktabr kuni Usmonovning sud orqali himoyalanishiga to‘sqinlik qilgan harakatlarni noqonuniy deb topgan. Sud uning da’vosi Yevropa Ittifoqi Kengashiga rasmiy yetkazilishiga qariyb uch yil davomida xalaqit berilganini qayd etgan. Maqolada aytilishicha, Yevropa Ittifoqi 2022-yilda Usmonovga nisbatan sanksiyalar kiritayotganda ayrim tasdiqlanmagan ma’lumotlarga tayangan. Jumladan, u Rossiya prezidenti Vladimir Putinning ishonchli vakili sifatida ta’riflangan. Biroq Germaniya sudida bu da’volarning asosli ekanini tasdiqlovchi dalillar keltirilmagan. Usmonov o‘zi haqidagi asossiz ma’lumotlar tarqatilishini to‘xtatish talabi bilan sudga murojaat qilgan. “Die Welt” xabariga ko‘ra, Germaniyaning ayrim davlat idoralari uning da’vosini Yevropa Ittifoqi Kengashiga yetkazish jarayoniga to‘sqinlik qilgan. Sud aynan shu xatti-harakatlarni baholagan. Qaror sanksiyalarning qonuniyligi yoki Usmonovga qo‘yilgan ayblovlarning mazmuni yuzasidan yakuniy hukm emas. Nashr ta’kidlaganidek, masala hozircha uning da’vosini ko‘rib chiqishga yo‘l bermagan harakatlarga taalluqli. Usmonov 22-sentabr kuni Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarilgan bo‘lsa-da, unga doir ayrim da’volar rasmiy saytlarda hanuz saqlanib qolayotgani xabar qilingan. “Die Welt” muallifi bu qaror sanksiyaga uchragan boshqa shaxslar uchun ham muhim huquqiy namuna bo‘lishi mumkinligini yozgan. Nashrga ko‘ra, qaror ularga o‘zlari haqidagi ma’lumotlarni milliy sudlarda bahslashish imkoniyatini ochishi ehtimol. Bu esa Usmonov ishidagi huquqiy jarayonning keyingi bosqichlariga e’tiborni kuchaytirmoqda.
Sursa ↗