Donald Trump Vashingtondagi o‘zbek ayvonlari uchun Mirziyoyevga rahmat aytdi

Donald Trump
AQSH prezidenti Donald Trump Vashingtonda o‘rnatilgan o‘zbek milliy ayvonlari uchun O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirdi. Trump bu haqda Truth Social tarmog‘idagi sahifasida yozib, ayvonlarni mamlakat mustaqilligining 250 yilligi munosabati bilan unga taqdim etilgan sovg‘a sifatida tilga oldi. Uning qayd etishicha, o‘tgan hafta ayvonlarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tgan. Unda O‘zbekistonning AQSHdagi elchisi Furqat Siddiqov va Ichki ishlar vaziri Dag Burgum qatnashgan. Trump marosim paytida Marine One vertolyotida ayvonlar ustidan uchib o‘tganini sharaf deb atab, inshootlarning ko‘rinishini juda chiroyli deb baholagan. Trumpning yozishicha, o‘zbekistonlik ustalar ayvonlarni bir necha oy davomida, oilalaridan uzoqda va og‘ir ob-havo sharoitida mehnat qilib qurgan. Ular 200 yillik tog‘ yong‘og‘i daraxtlaridan olingan yog‘ochdan foydalangan. AQSH prezidenti ustalarning mahorati va iste’dodini alohida e’tirof etgan. U sovg‘ani shaxsiy mulkida saqlab qolmasdan, jamoatchilik foydalanishi uchun taqdim etishga qaror qilganini aytgan. Ayvonlar Tidal Basin ko‘li bo‘yida, Jefferson memoriali va Vashington monumenti ko‘rinib turadigan hududda joylashgan. Trump bu maskan poytaxtning ko‘zga ko‘ringan qismlaridan biriga aylanishiga umid bildirgan. Prezidentning taxminicha, Milliy Qahramonlar bog‘i bir yildan keyin ochilgach, ayvonlar ommabop maskanga aylanishi mumkin. U yerda odamlar suratga tushishi, diplomatik qabullar o‘tkazilishi va turmush qurish takliflari bildirilishi mumkinligini yozgan. Shuningdek, Gilos gullashi festivali paytida ham tashrif buyuruvchilar bu yerda suratga tushishini kutayotganini bildirgan. Trump O‘zbekiston elchixonasi va AQSH Milliy bog‘lar xizmatiga ham hamkorlik uchun minnatdorlik izhor qilgan. Maqolada aytilishicha, ayvonlar 17-noyabr kuni West Potomac Park hududiga o‘rnatilgan edi.
Sursa ↗

Ce știm până acum

Donald Trump, an American politician and businessman who has served as U.S. president, remains a fixture in the press through his rallies, political clashes and public remarks. Recent coverage also focuses on allegations he denies and the controversies they spark.