Erkinjon Turdimov maktablarda davomat 50 foizga ham yetmayotganini aytdi

Erkinjon Turdimov
Ta’lim va ilm-fan vaziri Erkinjon Turdimov O‘zbekistondagi maktablarda o‘quvchilarning darsga qatnashishi 50 foizga ham yetmayotganini ma’lum qildi. Vazir bu haqda jurnalist Karimberdi To‘ramurodga bergan intervyusida gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, past davomatni yaxshilash uchun o‘quvchilarni maktabga qaytarish zarur. Turdimov suhbatda maktab darsliklaridagi xatolar haqida ham fikr bildirdi. U darsliklarda kamchiliklar borligini yaxshi bilishini, biroq ularning mazmuni vazirlik tomonidan bevosita boshqarilmasligini aytdi. Vazirlik darsliklarni tayyorlash bilan shug‘ullanuvchi Ta’lim markazi hamda Ilmiy tadqiqotlar institutiga o‘z takliflarini yuborgan. Vazir davomatni ko‘tarish bo‘yicha o‘z tajribasini ham keltirdi. Uning aytishicha, Sirdaryoda maktablarni shaxsan nazorat qilgan va ichki ishlar xodimlari ko‘magida qatnashish ko‘rsatkichini 80 foizga yetkazgan. Shunga qaramay, bundan yuqori natijaga erishish qiyin bo‘lgan. Turdimov ayrim o‘quvchilar pul topish uchun bozorga chiqib ketishini, boshqalari esa boshqa shaharlarda yoki o‘quv markazlarida repetitor bilan shug‘ullanishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim ota-onalar farzandi maktabda emas, repetitorda tayyorlanayotganini sabab qilib ko‘rsatadi. Vazir davomatni to‘liq ta’minlash uchun maktablarda ta’lim sifatini ham yaxshilash lozimligini bildirdi. Hozir Toshkentda sinovdan o‘tkazilayotgan raqamli kuzatuv tizimini keyinchalik butun respublika bo‘ylab joriy etish rejalashtirilgan. Turdimov bu tizim orqali har bir sinfdagi o‘quvchilar soni va dars jarayonini kuzatish mumkin bo‘lishini aytdi.
Sursa ↗