Gareth Bale “Sevilya” klubini sotib olish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda

Gareth Bale
“Real Madrid”ning sobiq yulduzi Gareth Bale Ispaniyaning “Sevilya” klubini sotib olish ehtimolini o‘rganayotgan investorlar qatorida tilga olindi. “El Confidencial” xabariga ko‘ra, u Saudiya Arabistoni sarmoyadorlari bilan birgalikda klub aksiyalarining nazorat paketini qo‘lga kiritish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Manbada aytilishicha, “Sevilya”ni xarid qilishga qiziqish bildirgan ikki investitsiya kompaniyasi bor. Ulardan biri aka-uka Mansur va Haydar Sayidlarga tegishli Saudiya Arabistonidagi HD Ventures bilan bog‘liq. Ikkinchi da’vogar esa AQShning Juggernaut Capital Partners fondi bo‘lib, Bale ushbu kompaniyada maslahatchi sifatida ishlaydi. Potensial xaridorlar klub aksiyalarining 85 foizigacha bo‘lgan ulushini sotib olish variantlarini o‘rganayotgani bildirilgan. “Mucho Deporte” nashri ehtimoliy kelishuvda “Sevilya” taxminan 500 million yevroga baholanishi mumkinligini yozdi. Bu hisob-kitobga 60 million yevrolik sof qarz hamda kapitalni 80 million yevroga oshirish rejasi kiritilgani aytiladi. Hozircha gap yakunlangan bitim haqida emas, balki ko‘rib chiqilayotgan xarid imkoniyati haqida bormoqda. Xabarlarda Bale klubni shaxsan sotib olishi aniq ekani yoki kelishuv bo‘yicha qaror qabul qilingani aytilmagan. 1890-yilda tashkil etilgan “Sevilya” Ispaniya chempionligini bir marta, mamlakat kubogini esa besh bor qo‘lga kiritgan. Klub Yevropa ligasida yetti marta g‘olib chiqqan va ushbu musobaqa tarixidagi eng muvaffaqiyatli jamoa sifatida qayd etiladi.
Sursa ↗