Mahmud Usmon IMAN Holding bo‘yicha yangi e’tirozlarini bildirdi

Islom moliyasini muvofiqlashtirish kengashi vakili Mahmud Usmon IMAN Holding faoliyatiga oid avvalgi bayonotidan keyin kompaniya rahbariyatining javobiga munosabat bildirdi. U o‘zining rasmiy sahifasida moliyaviy tafovutlar va investorlar mablag‘laridan foydalanish masalalari yuzasidan qo‘shimcha izoh berdi.
Usmonning aytishicha, 70 million dollarlik portfelda 20 million dollar kamomad borligi haqidagi raqam uning shaxsiy hisob-kitobi emas. U bu xulosa mutaxassislar hisob-kitoblari, taqdim etilgan hujjatlar hamda taftish komissiyasi yig‘ilishlarining yozuvlariga asoslanganini bildirdi. Usmon o‘zini moliyachi emasligini ta’kidlab, raqamni tegishli mutaxassislar aniqlaganini aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, kengashda ko‘rib chiqilgan materiallarni ikki toifaga ajratish mumkin: taftish komissiyasi va auditorlar faoliyatiga oid hujjatlar hamda IMAN Holdingning ichki moliyaviy ma’lumotlari. Ikkinchi toifadagi hujjatlar maxfiylik kelishuvi sababli hozircha e’lon qilinmagan. Usmon kompaniya ruxsat bersa, ularni taqdim etishga tayyorligini bildirgan.
Usmon kamomadning aniq miqdorini aniqlash uchun kompaniyaning investorlar oldidagi majburiyatlarini ushbu majburiyatlarni qoplay oladigan real sof aktivlari bilan solishtirish lozimligini aytdi. Bunday tekshiruvni mustaqil auditorlar yoki vakolatli davlat idoralari o‘tkazishi mumkinligini ham qayd etdi.
Bayonotda kompaniya mablag‘lari hisobidan avtomobil xarid qilingani haqidagi holat ham tilga olingan. Usmonning da’vosiga ko‘ra, avtomobil uchun investorlar mablag‘idan qariyb 128 ming dollar alohida mas’uliyati cheklangan jamiyatga o‘tkazilgan. Mashinadan bir necha oy foydalanilgan bo‘lsa-da, bu davr uchun to‘lov qilinmagan va yozma savdo shartnomasi tuzilmagan.
Usmonning aytishicha, taftish komissiyasi bu holatni aniqlagach, avtomobilni sotish va pulni qaytarish talabi qo‘yilgan. Mablag‘ keyinchalik qaytarilgan, biroq undan foydalanilgan vaqt uchun olinishi mumkin bo‘lgan daromad masalasi ochiq qolgan. U, shuningdek, kompaniyaga aloqador boshqa avtomobillar va haq to‘lanmasdan foydalanilgan uy-joy masalalarini ham ko‘targan.
Sursa ↗