Qamariddin Shayxov: turkiy dunyo kelajagini yoshlar quradi

QALAMPIR.UZ rahbari Qamariddin Shayxov Anqarada o‘tgan Turkiy muloqot forumida yoshlarning turkiy dunyo kelajagini barpo etishdagi o‘rni haqida gapirdi. U yoshlar xalqaro muloqotda faol bo‘lishi, o‘z tarixi va madaniyatini anglashi, shu bilan birga zamonaviy fan hamda texnologiyalarni yaratib, rivojlantirishi muhimligini ta’kidladi.
31-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan forum Turkiy davlatlar tashkilotining 13-sammiti doirasida tashkil etilgan. Unda tashkilotga a’zo va kuzatuvchi mamlakatlardan akademiklar, professorlar, fikr yetakchilari hamda media sohasi vakillari qatnashgan. O‘zbekiston nomidan Shayxov bilan birga Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja, Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti rektori vazifasini bajaruvchi Eldor Shermanov va boshqalar ham ishtirok etgan.
Shayxov nutqini turkiy xalqlarni birlashtirib turgan tarixiy meros haqida so‘zlash bilan boshladi. U Samarqand, Buxoro, Istanbul, Konya, Turkiston, Qorabog‘, Shamaxı, O‘sh, Cho‘lpon-Ota, Marv va Qashqar kabi shaharlarni umumiy tarixiy xotiraning muhim maskanlari sifatida tilga oldi. Uning fikricha, bu hududlar qadimiy davlatlar va imperiyalar, shuningdek, Sharq bilan G‘arbni bog‘lagan Ipak yo‘li madaniyatining guvohidir.
Media rahbari umumiy meros faqat o‘tmishdan qolgan boylik emasligini ham qayd etdi. U bu meros xalqlarni bir-birini yaxshiroq tushunishga va umumiy kelajakni birgalikda qurishga undaydigan poydevor, deya ta’rifladi. Shayxovning aytishicha, turkiy xalqlar tarixda bir-biridan uzoqlashib, hamkorlik qilmagan davrlarda ko‘plab imkoniyatlarni boy bergan.
U bugun xalqlarning yaqinlashuvi bir asr avvalgi orzulardan biri bo‘lganini aytib, umumiy salohiyatni hamjihatlik va mushtarak iroda bilan ishga solish zarurligini ta’kidladi. Shayxov, shuningdek, inson qadrini himoya qiladigan umumiy ovozni balandroq ko‘tarish va turkiy xalqlar bir-birini yanada ko‘proq qo‘llab-quvvatlashi muhimligini bildirdi. Forum tashkilotchilaridan biri Burhoniddin Duranga minnatdorlik bildirib, Turkiya Respublikasi tashkil topganining 103 yilligi munosabati bilan turk xalqini tabrikladi.
Sursa ↗