Shavkat Mirziyoyev nabirasiga yozgan maktubi bilan yoshlarga qanday saboq berdi?

Shavkat Mirziyoyevning nabirasi Shavkatbekka yo‘llagan maktubi yoshlar tarbiyasiga bag‘ishlangan tadbirda muhokama qilindi. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasida o‘tgan uchrashuvda professor-o‘qituvchilar va talabalar maktubdagi fikrlar, nasihatlar hamda tarbiyaviy qarashlar yuzasidan mulohazalar bildirdi.
Tadbir ishtirokchilarining ta’kidlashicha, prezidentning Iordaniyaga safari chog‘ida nabirasiga yozgan maktubi shunchaki oilaviy mehr ifodasi emas. Unda yosh avlod tarbiyasi, insonning kamol topishi va kelajak oldidagi mas’uliyati haqida fikrlar o‘rin olgan. Samimiy murojaat yoshlarni o‘z hayoti, maqsadlari va zimmasidagi vazifalar haqida o‘ylashga undashi qayd etildi.
Maktub bir kishiga — nabiraga atalgan bo‘lsa-da, undagi g‘oyalar kengroq auditoriyaga qaratilgan, deya baholandi. Xususan, oilaviy qadriyatlarga sodiqlik, kattalarni hurmat qilish, bilim olishga intilish, mustaqil fikrlash va ezgu maqsadlar yo‘lida dadil harakat qilish kabi mavzular alohida tilga olindi. Vatan ravnaqiga hissa qo‘shish ham yoshlar uchun muhim mas’uliyat sifatida ko‘rsatildi.
Akademiya professori M. G‘ofurov hamda talabalar M. Mansurova va D. Xalilov chiqishlarida ma’naviy kamolot, kitobxonlik, oila va jamiyat oldidagi burch masalalariga to‘xtaldi. Uchrashuvning asosiy maqsadi yoshlarni bilimli mutaxassis bo‘lish bilan birga, yuksak axloqiy fazilatlarga ega va yurt taqdiriga befarq bo‘lmagan insonlar etib tarbiyalash ekani aytildi.
Tadbirda ma’naviy tarbiya oiladan boshlanishi, ta’lim jarayonida rivojlanishi va insonning jamiyatdagi faoliyatida namoyon bo‘lishi ta’kidlandi. Maktubdagi nasihatlar va avlodlar o‘rtasidagi mehr-oqibat ham shu mavzular bilan bog‘liq holda muhokama qilindi.
Sursa ↗