Teddy Riner Fransiya prezidentligiga nomzodini qo‘yishini e’lon qildi

Dzyudo maydonida ko‘plab yirik sovrinlarni qo‘lga kiritgan Teddy Riner endi siyosatga kirishga bel bog‘laganini ma’lum qildi. Manbaga ko‘ra, 37 yoshli sportchi 2027-yilda bo‘lib o‘tadigan Fransiya prezidentligi saylovida nomzodini ilgari surmoqchi. U bu haqda X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yozgan.
Riner o‘zini na o‘ng, na so‘l siyosiy qanot tarafdori deb bilishini bildirib, mamlakatni birlashtiradigan prezident bo‘lishni istashini aytgan. U amaldagi prezident Emmanuel Makron faoliyatiga hozircha baho bermasligini ham ta’kidlagan. “Men aybdorlarni izlamayapman. Yechimlarni topish uchun shu yerdaman”, degan dzyudochi.
Sportchining aytishicha, saylovoldi kampaniyasini o‘z mablag‘i hisobidan moliyalashtirish niyatida va nomzod bo‘lish uchun talab qilinadigan 500 ta imzoni yig‘a olishiga ishonadi. Manbada Fransiyada prezidentlik saylovi 18-aprel kuni bo‘lib o‘tishi qayd etilgan.
Riner dzyudo bo‘yicha besh karra Olimpiya chempioni va 12 karra jahon chempioni sifatida tanilgan. U 2012, 2016 va 2024-yilgi Olimpiadalarda 100 kilogrammdan yuqori vazn toifasida oltin medal olgan, Tokio va Parijdagi jamoaviy bellashuvlarda ham g‘olib chiqqan. 2008-yil Pekin Olimpiadasida esa bronza medalini qo‘lga kiritgan.
O‘sha musobaqada Riner yarim finalgacha yetib borib, o‘zbekistonlik dzyudochi Abdulla Tangriyevga yutqazgan. Tangriyev finalda yaponiyalik Satoshi Ishii bilan bellashib, kumush medalni qo‘lga kiritgan. Bu safar Rinerning e’tibori sport maydonidan Fransiya siyosatiga ko‘chishi mumkin.
Sursa ↗