Viktor Gotevbe «Oltin qalam» mukofotini olganidan hayratda qolganini aytdi

Viktor Gotevbe
AQShda faoliyat yurituvchi jurnalist Viktor Gotevbe O‘zbekistonda unga topshirilgan «Oltin qalam» mukofoti kutilmagan voqea bo‘lganini aytdi. Diplomatic Watch jurnali bosh muharriri bu e’tirof uni quvontirgani va ijodiga ruh berganini ta’kidladi, deb yozadi manba. Mukofot Gotevbega O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi delegatsiyasining AQShga safari doirasida, mamlakatning Vashingtondagi elchixonasida topshirildi. U bu yilgi xalqaro tanlov g‘oliblaridan biri deb topilgan edi. Marosimda O‘zbekistonning AQShdagi elchisi Furqat Sidiqov, xorijiy diplomatlar, jamoatchilik va ekspert doiralari vakillari hamda jurnalistlar qatnashdi. Uyushma raisi Shuhrat Oripov nutqida 2021-yildan boshlab xalqaro tanlovda «Xorijlik jurnalistning O‘zbekiston haqidagi eng yaxshi materiali» nominatsiyasi mavjudligini eslatdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu e’tirof xorijiy jurnalistlarni rag‘batlantiradi va mamlakat haqidagi materiallarning xalqaro axborot maydonidagi salmog‘ini oshirishga xizmat qiladi. Gotevbe O‘zbekiston haqida o‘nlab maqola yozgan. Ularda respublika siyosati, xalqaro maydondagi ovozi va tashabbuslari yoritilgan. Mukofotni qabul qilib olarkan, jurnalist bunday natijani kutmaganini bildirdi: «Ochiq aytsam, juda hayratda qoldim. Bunday bo‘lishini umuman kutmagandim. Bu men uchun kuchli ilhom, rag‘bat va alohida faxr», dedi u. Tadbirda yana bir necha jurnalistga ham e’tirof va guvohnomalar topshirildi. The Hill gazetasi jamoatchi muxbiri Jeyms Durso va Gotevbe O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining faxriy a’zoligini oldi. AQShda ishlayotgan jurnalist Otabek Eshmamatov hamda Kun.uz’ning AQShdagi maxsus muxbiri Shohrux Majidovga esa uyushma a’zolik guvohnomalari berildi. Manbada Dursоning 2024-yilda «Oltin qalam» mukofotini olgani ham qayd etilgan.
Sursa ↗